O`zbekiston Respublikasining Davlat ramzlari | |
"O‘zbekiston
Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari —
bayrog‘i, gerbi, va madhiyasiga ega." (O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasining 5-moddasi)
Davlat bayrog‘i
Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasining 1991 yil 18 noyabrdagi 407-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat
bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq
rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri
to‘rtburchak shaklidagi matodir.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat
bayrog‘ining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng.
Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir
en 40 santimetrga tengdir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining
o‘rtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng
qizil hoshiyalar o‘tkazilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat
bayrog‘ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa
tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o‘n
ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan.
Oq rangli yangi oy va o‘n ikkita oq
rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning
o‘rtasidan 70x30 santimetrga teng to‘g‘ri to‘rtburchakka sig‘adigan
qilib joylashtirilgan.
Oq rangli yangi oy vertikal holatda
do‘ng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada
joylashtirilgan bo‘lib, diametri 30 santimetrli doiraga sig‘adi.
O‘n
ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga
sig‘adi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. Yulduzlar uzunasiga va
tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, o‘rta
qatorda to‘rtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar
yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.
Oldi tomoni
Orqa tomoni
Sxematik rasmi
Davlat gerbi
Davlat gerbi O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyuldagi 616-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi
quyidagi ko‘rinishga ega: tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy
boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan
iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini
sochib turadi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi
sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo‘lib, uning ichki qismida yarim oy
va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi —
qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar
lentasining bantida «O‘zbekiston» deb yozib qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat
gerbining rangli ko‘rinishida: Humo qushi va daryolar — kumush rangida;
quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «O‘zbekiston» yozuvi — oltin
rangida; g‘o‘za shoxlari va barglari, tog‘lar va vodiy — yashil rangda;
chanoqlardagi paxta — oq rangda; lenta — O‘zbekiston Respublikasi Davlat
bayrog‘ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak —
oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va
yulduzlar — oq rangida tasvirlangan.
Davlat madhiyasi
O‘zbekiston
Respublikasi Davlat madhiyasining matni va musiqasi O‘zbekiston
Respublikasining 1992 yil 10 dekabrdagi 768-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.
Madhiya matni
Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot,Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!
Oltin bu vodiylar — jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Bag‘ri keng o‘zbekning o‘chmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zo‘r qanot!
Istiqlol mash’ali, tinchlik posboni,
Haqsevar, ona yurt, mangu bo‘l obod!
Oltin bu vodiylar — jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Mutal Burxonov musiqasi
Abdulla Oripov she’ri
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder